YoLLANMA QOTIL-20… (IKKINChI FASL)

  • Eshik ochilishi hamono Vali Oqsoqolning xirillagan tovushini eshitdi-yu, sapchib o‘rnidan turib ketdi. Bu orada Tolmas aka ham uyg‘onib tashqariga chopdi.  Kelganlar Qiyshiq va uning to‘rt nafar hamtovog‘i edi. Ularning baland ovozda so‘kinishlari xonani tutdi.  — Sen meni sindirmoqchi bo‘ldingmi? — deya qichqirardi Qiyshiq. — Vey, kimligimni bilmaysan hali!.. Yur ichkariga, qanjiq!.. Erkakmisan? Yur, dedim!..  Ko‘z ochib yumguncha hammalari xonaga kirib eshikni ichkaridan tambalashdi…  Vali avvaliga qo‘rqib ketdi. Oqsoqolning yuzlari qontalash bo‘lib ketibdi. U sekin ko‘rpa orasidan mo‘ralab boshqalarini kuzatdi. Qiyshiqdan boshqasini tanimadi. Ikkitasi Tolmas akani ham bo‘g‘ib olgandi.  — Bolani tashqariga opchiqib tashla! — ulardan biri Tolmas akaga buyurdi. — Bo‘l tez, qo‘rqib ketadi!..  Hayron qoldi. Tolmas aka ham baquvvatlikda ulardan qolishmasdi. Biroq shu tobda indamay Valini ko‘tarib aravachaga o‘tqazdi-yu, eshik tomon g‘ildiratdi…  Bechora bola. Yana ko‘chada qoladigan bo‘ldi. Tashqari ancha sovuq. Aksiga olib shoshilinchda ustidagi kostyumini ham kiydirib qo‘yishmagandi…  Xo‘sh, endi nima qiladi?.. Qachongacha ichkaridagilar chiqishini kutadi…  Ichkarida bo‘lsa, baqir-chaqir kuchaygandan kuchaydi.  — Xo‘sh, gapingni qaytib olasanmi-yo‘qmi? — hayqirardi Qiyshiq. — Ayt tezroq, vaqtim yo‘q!..  — Mening hezalaklik odatim yo‘q. — bu ovozni aniq angladi. Oqsoqol. Faqat… Nega xirillab chiqyapti tovushi?..  — Erkak bo‘p tug‘ilganmanmi, shundayligimcha qolaman… Vey, yutqazdingmi? To‘lab qo‘y endi, xunasa!..  — Mana to‘layman!..  — Menga qara, — dedi notanish ovoz egasi. — Cho‘zib o‘tiramizmi? Kel, tezroq bularni tinchitib keta qolaylik!.. Pichoqni ol, pichoqni!..  Vali sezdiki, hozir-hozir pichoqbozlik bo‘ladi. Bu narsaning qanday oqibatga olib kelishini o‘n uchga to‘lib-to‘lmagan bo‘lsa-da, yaxshi biladi.  ***  — «Qochaman, — deya xayol qilib hovli tarafga yura boshladi u. — Meniyam so‘yib tashlaydi bular…»  U jonholatda darvozani ochib tashqariga chiqdi-da, qorong‘ilik qa'rida o‘zi bilgan axlatxona tomon aravachasini uchirdi…  Beton uycha yoniga etgach, har ehtimolga qarshi orqasiga qarab oldi. To‘g‘risi, nimadandir qo‘rqayotganini his etardi. Bu holat unga ilgari begona bo‘lgan. Hozir nega qo‘rqqisi kelyapti?.. Aqli etmadi. Hech kim yo‘qligidan xursand bo‘lgan ko‘yi ichkariga kirdi.  Uychaning ichi tashqaridan ham qorong‘i edi. Nimadir esiga tushgandek shimining cho‘ntaklarini paypasladi. Ha-a, yaxshiyam anavi qimorbozlar ichib o‘tirganda cho‘ntagiga gugurtlardan birini solib olgan ekan. Shosha-pisha qo‘liga olib gugurtni yoqdi. Xona ichi yorishgach, sekin-asta miltiq yashirilgan erga yaqin bordi va kovlay-kovlay uni qo‘liga oldi…  Eh, qaniydi uzoq-uzoqlarda, kimsasiz erlarda bo‘lsa-yu, bir otib ko‘rsa!.. Bu erlar shahar bo‘lsa. Kimdir eshitib qolsa, milisaga berib yuborishdan ham toymaydi…  Shu payt mashina ovozi eshitilgandek bo‘ldi. Vali jonholatda qurolni joyiga berkitdi-da, tashqariga mo‘raladi. Haqiqatan… Hov nariga mashina kelib to‘xtagandi.  — Bular kechagilar. — ko‘nglidan o‘tkazdi u. — Yana miltiq qidirib kelishgan… Qiziq, kim ekan bular o‘zi?.. Kallakesarlar bo‘lsa kerak-da!..  U sekin-sekin aravachasini g‘ildiratib beton uychaning panasiga o‘tdi-yu, ularni kuzata boshladi…  Aksiga olib mashinadan tushgan to‘rt erkak naq beton uycha tomon yurib kelishardi.  — Ana, panada bekinib turibdi! — dedi ulardan biri sheriklariga. — Qaranglar, balo ekan shekilli bu bola-a?!. Otasi tengi odamlarni sarson qilib yuribdi-ya!..  Vali avvaliga bu gaplar kimga qaratilganini tushunmadi. Yana birov axlatxonaga berkingan shekilli, o‘shani ko‘rsatishyapti, deb o‘yladi. Ammo erkaklar yaqin kelib qolgach, yuragi bezovta urib, javdiragancha qochishga, yashirinishga qulayroq joy qidira boshladi…  Yo‘q, endi kech edi. Egniga qora plashch kiygan barvasta erkaklar Valiga juda yaqin kelib qolishdi.  — Hoy bola, qani, chiq buyoqqa! — qichqirdi ularning biri. — Qo‘rqma, biz seni urmaymiz!.. Gapimiz bor senda…  To‘rtovlari kula-kula Valining tepasiga kelib uni o‘rab olishdi. Bittasi qo‘lidagi fonarni yoqib Valining yuziga to‘g‘riladi.  Bola hammalariga bir-bir qarab oldi. Yuz tuzilishlari kallakesarga sira o‘xshamasdi. Juda bashang kiyinishgan. Hatto, boshlaridagi kepkalar ham yangi…  ***  — Qani, og‘ayni, tanishaylik! — kulimsirab qo‘l uzatdi fonar tutgan erkak. — Men Xursand amaking bo‘laman. Sen-chi?  — Vali…  — Obbo Valijon-ey, nega bizdan berkinyapsan?.. Bu erlar qorong‘i bo‘lsa… Qo‘rqmaysanmi?  — Qo‘rqib qiz bolamidim? — Vali sir boy bermay, ovozini ko‘taribroq javob qildi. Erkaklar sharaqlab kulib yuborishdi. Xursand deganlari asta uning boshiga qo‘lini qo‘ydi.  — Malades, o‘g‘il bola!.. Erkak shunday bo‘lishi kerak… Qani, endi menga yashirib qo‘ygan miltig‘ingni ko‘rsat-chi!  — Q-qanaqa miltiq? — Vali yuragi shig‘ etib, vujudida yovvoyi titroq tuydi va qo‘llarini musht qildi. — Men hech qanaqangi miltiq yashirganim yo‘q… Hali yosh bolaman-ku!..  — Hecham-da, — dedi Xursand aka bolaga sirli jilmayib boqarkan. — Sen baloni bilasan, Valijon!.. Aldashga urinma, biz seni xafa qilmaymiz dedim-ku!.. Kel, bizga o‘sha qurolni topgin, seniyam o‘zimminan opketaman. Maza qilib yashaysan menikida!..  Vali asta aravachasini orqaga tisardi.  — Hozir tavakkal otaman, — xayolidan o‘tkazdi u erkaklardan ko‘z uzmay. — Sekingina uychaga kirib miltiqni olsam bas… E, qanday o‘qlashni bilaman. Ko‘rganman ilgari…  U indamasdan aravachani orqasi bilan uycha tomon etakladi. Erkaklar hamon hushyor turishar, uning vahima ichida o‘zini suvga otishidan cho‘chib ariq tomonni to‘sib olishgandi…  Vali nihoyat uychaga kirib shosha-pisha qo‘liga miltiqni oldi-da, qorong‘ilikda timirskilanib o‘qlanadigan erini topdi.  — Ana endi kuningni ko‘rsataman! — eshitilar-eshitilmas shivirladi u. — Hozir tashqariga chiqib olsam…  Chiqishga chiqdi. Ammo miltiq tepkisini bosishga ulgurmadi. Xursand akaning o‘zi orqasidan kelib mahkam ushlab qoldi.  — Obbo xumpar-ey, — xirilladi miltiqni Valining qo‘lidan tortib olarkan. — Hali otishniyam bilaman degin?.. Yaxshi, ko‘ramiz…  — Qo‘yvoring, qo‘yvoring! — tipirchilay boshladi Vali yig‘lab. — Miltig‘imni bering! Bering deyapman!.. Haqqingiz yo‘q!..  — Tez bolani mashinaga ortinglar! — yonidagilarga buyurdi Xursand aka. — Vey, qaysar bola, hozir menikiga borsang, haqiqiy jannatni ko‘rasan!..  Valining yig‘lab-siqtab yalinishlariga hech kim quloq solmadi. Ikki erkak uni o‘rtaga olib mahkam qisib olishdi. Mashina shu zahoti o‘rnidan qo‘zg‘alib, noma'lum tarafga o‘qdek uchib ketdi…  * * *  — To‘g‘ri dachaga hayda! — haydovchiga buyurdi Xursand aka. — Shahar jonga tegib ketdi. Bu bolani bi-ir xursand qilaylik!.. Menga qara, Valijon, ayollarga qalaysan-a?..  O‘tirganlar baravariga kulib yuborishdi. Vali esa, qovog‘ini uygancha jim ketib borardi. Beo‘xshov kulgilar battar g‘ashini keltirib og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi.  — Senam kap-katta bo‘p qopsan. — davom etdi Xursand aka. — Yoshing nechada o‘zi?  — O‘n uchga kirdim. — istamaygina javob qildi Vali.  — O‘h-ho‘!.. Uylanadigan bo‘p qopsan-u, yana indamaysan-a!.. Hozir senga shunday bir ayollarni ko‘rsatayki, og‘zingning so‘lagi oqib ketsin!  Yana kulgi ko‘tarildi…  Shu ko‘yi ular bir qishloqqa kirib borishdi. Bu erlarda uylar kam edi. Aylana atrof dala. Qorong‘ida nima ekilganini ko‘ra olmagan bo‘lsa-da, toza, yoqimli havo Valiga Farg‘onani, Vadimni eslatib yubordi. Ko‘z o‘ngida tog‘ tomon ketib borayotgan mashina… Kutilmaganda ag‘anay boshlashlari… Hamma-hammasi bir-bir gavdalandi. Yuragining bir cheti achishib og‘rigandek bo‘ldi…  Ammo yonidagilarga miq etmadi. Oldinda o‘zini nimalar kutayotganini tasavvur qilib ko‘rdi…  Qiyinchiliklar, turli sarguzashtlar bolani ham kattalar kabi fikrlashga o‘rgatarkan.  ***  — «E, bular kim bo‘pti?! — o‘yladi u oynadan tashqarini bamaylaxotir kuzatib borarkan. — Mergan akaday qo‘rqinchli odamlarni, anavi… Yotoqxonadagi bezorilarni ko‘rdim. Qo‘llaridan nima keldi? O‘lib qolmadim-ku!.. Uf-f!.. Ota-onam bo‘lsa, bunday kunlarni ko‘rmasmidim… Oyog‘im sog‘ bo‘larmidi… Kim bilsin?.. Balki bundanam battar kunlarni ko‘rardim… Nima bo‘lsa bo‘lar. Endi menga baribir…»  Mashina tor ko‘chalardan biriga burilib ko‘rimsizgina darvoza yonida to‘xtadi.  — Ana, etib keldik! — Valini Xursand akaning shaxsan o‘zi mashinadan tushirib aravachasi bilan birga erga qo‘ydi. — Mana shu erda yashaysan endi, Valijon!..  Ular darvozani ochib ulgurmay, beli bukchaygan, yoshi taxminan elliklardan o‘tgan ozg‘in bir erkak chiqib kelib Xursand akaning qo‘lidagi sumkani oldi.  — Yaxshi keldingizmi, xo‘jayin?..  — Manavi bolani ichkariga olib kir! — buyurdi Xursand aka. — Undan keyin… Kim bor uyda?  — Uydami?.. Ikkita zo‘ridan oldirib keldim…  — Bo‘liqqinami ishqilib? Tag‘in o‘zingga o‘xshagan tirriq bo‘lishmasin.  — Nimalar deyapsiz, xo‘jayin?.. Shunaqangi ketvorgan ayollarki… E, o‘zingiz ko‘ring!..  Hovlining to‘rt tarafiga chiroqlar o‘rnatilgani sabab to tomorqa taraflargacha kaftdek ko‘rinib turardi. Vali o‘tirgan erida hammayoqni ko‘zdan kechirib bordi…  Tomorqa uzumzor ekan. Hovlining aylana atrofi qo‘sha-qo‘sha uylardan iborat. Evropacha ta'mirlangan. O‘rtada xuddi Mergan akanikidagiday basseyn. Xonalarga zinapoyalardan chiqilarkan…  Xizmatchi uni dast ko‘tardi-da, burchakdagi xonaga olib kirdi…  Ichkari ham Valiga yoqib tushdi. Hatto, gilam ustida aravachasi yurib borayotganda biroz xijolat ham chekib qo‘ydi…  — Voy, bu shirin bola qaerdan keldi? — yasatilgan stol atrofida o‘tirgan ikki ayolning biri o‘rnidan turib Valiga yaqin keldi. Bolaning ko‘zi uning ochiq sonlariga, ko‘kraklariga tushib tez erga qarab oldi.  — Uyalib ketdi! — kulib yuborishdi ular baravariga. — Voy, uyalmagin! Yigit kishiyam uyaladimi?.. Qani, stolga yaqinroq kel-chi, o‘zim seni manavi shokoladlar, bananlarminan mehmon qilaman!..  — Xo‘jayin keldi, Nozanin! — dedi xizmatchi Valining yonida turgan oq sariq, do‘mboq, sochlari yoyiq ayolga qarab. — Tayyorgarliklaringni ko‘raveringlar!.. Hozir oshniyam damlayman…  ***  Bu orada xonaga Xursand aka va mashinada birga kelgan erkaklar ham kirishdi. Hammalari ayollar bilan bir-bir so‘rashgan bo‘lib stol atrofiga o‘tirishdi. Xursand aka xizmatchiga «Zo‘r» degandek ma'noli ko‘z qisib qo‘ydi-yu, Valiga yuzlandi.  — Xo‘sh, Valijon, manavi ayollarning qaysi birini tanlaysan?  — Men unaqa narsalarni bilmayman. — norozi to‘ng‘illab qo‘ydi Vali erdan ko‘zini uzmay. — Yaxshisi, menga miltig‘imni bering!..  — Vey, haliyam o‘sha miltiqni esingdan chiqarmadingmi? Nima qilasan uni? Boshingga urasanmi?..  — Otishni o‘rganardim.  — Otishni o‘rganmoqchi bo‘lsang, senga boshqasini oberamiz, to‘g‘rimi, Samin?..  Xursand akaning o‘ng biqinida o‘tirgan barvasta yigit bosh irg‘adi.  — To‘ppa-to‘g‘ri. Ana, do‘kon to‘la miltiq. Istagancha otaverasan.  — Hoy, G‘ani!.. — Xursand aka derazadan boshini chiqarib baqirdi.  — Labbay, xo‘jayin!  G‘ani deganlari haligi ozg‘in xizmatchi ekan. Ko‘z ochib yumguncha xonada hozir bo‘ldi.  — Bor, bolani hovliga opchiq! Bir aylanib kelsin!..  — Xo‘p bo‘ladi! Qani, yur-chi, yaxshi bola!..  U aravachani etaklab hovliga olib chiqdi. Vali osh pishayotgan qozon atrofida biroz uyoq-buyoqni kuzatgan bo‘ldi. Xayolida esa, hamon tortib olingan miltiq aylanardi.  — Amaki, haligi miltiqni qaerga yashirdingiz? — asta so‘radi xizmatchidan.  — Sen uni nima qilasan?  — Menikiydi. Anavilar tortib olishdi.  G‘ani aka kulimsirab Valining tepasiga keldi.  — Sen bunday gaplarni gapirmagin, bolam! Bular kim ekanini bilasanmi?  — Bilmayman.  — Ana, ko‘rdingmi? Agar sal ortiqcha gapirsang, o‘ldirib yuborishdanam toyishmaydi.  — Amaki, o‘zi kim ular? — qiziqsinib so‘radi Vali.  — E, ular… Qimorbozlar. Hozir osh eb bo‘lingach, qarta suzishni boshlashadi. Ja katta o‘yin bo‘ladi. Hali qarab tursang, bu erga kazo-kazo odamlar kelishadi. Indama!.. Og‘zingni yumgin-u, jim o‘tiraver!..  G‘ani aka boshqa gapirmadi. Oshni damlab, o‘choqdagi olovni pasaytirdi-da, stol ustidagi ichkilik to‘la shisha idishlardan ikkitasini olib ichkariga chopdi. Vali bo‘lsa, hovlilarni tomosha qilish ilinjida aravachasini oldinga g‘ildiratdi.  (davomi bor)  Olimjon HAYIT