Кечиккан Тавба

  • Ayol derazadan tashqariga qarab o'tirardi. Maydalab yog'ayotgan yomg'ir qorga aylanib, avval tomlarni, so'ngra hovli sahnini asta-sekin oq rangga burkay boshladi. Ayolning eti junjikdi, sovuq yedi, shekilli, issiqqina choy ichgisi keldi. Choynakpo'shdagi choynakni paypaslab ko'rdi. Sovib qolibdi. Yangi choy damlash kerak. Kelinlariga aytsinmikin? E, yo'q, o'zi damlay qoladi. Shu ham ishmi? Bir piyola choyni damlaydi-yu, yoniga kelini kechagina pishirgan birorta shirinlikni ham qo'shib, olib keladi. Shu tariqa Gulshan momo o'rnidan qo'zg'aldi. Oyog'i uvishib qolgan ekan, yozilgunicha kutdi. Qorni g'arch-g'urch bosib, hovlining narigi chetidagi oshxona tomon yo'naldi. Kalishining bir poyidan suv o'tdi, shekilli, shaloplab qoldi. Oshxona ostonasiga qadam qo'ygan ham ediki, oyog'i muzlagan yerda toyib, gup etib yerga yiqildi. — Voy, belim! Hoy, kim bor? Yordam beringlar!!! Gulshan momoning ovozi asta chiqar, nazarida, hayhotdek hovlida yolg'iz qolgandek edi. Kenja kelin Mubina kiyimlarga dazmol bosib bo'ldi-da, xona o'rtasidagi pechkaga ko'mir tashladi. — Vo-ey, sovuq ham ja zabtiga oldi-da… — qo'shni xonadan chiqib kelayotgan ovsini Marg'uba qo'lini pechkaga asta bosdi. — Oh-oh, qanday maza! Shu payt oshxona tarafdan momoning ovozi elasgina eshitildi. — Oyijonimmi? — Mubina ko'zlarini ovsiniga tikdi. — E, bilmayman, nimadir ish buyursalar kerak-da. Jimgina o'tiring, sovuqda nima bor? Ammo Mubina asta tashqariga yo'naldi. Qarasa, ostonada qaynonasi uzala tushib yotar, sal nariga tushgan choynak ikkiga bo'lingandi. — Voy, opa, oyijonim!.. Mubina shosha-pisha qaynonasi tomon yugurdi. Orada oyog'i muzda sirg'alib, sal qolsa, u ham yiqilardi. Mubinaning ortidan Marg'uba ham chopdi. — Oyijon, nima bo'ldi? Ikkala kelin ham qaynonasining atrofida girdikapalak bo'lsa-da, uni yerdan ko'tarib olishning o'zi bo'lmadi. Mubina og'iroyoq bo'lgani uchun Marg'uba uni ayab, qaynonasini yerdan dast ko'tardi-da, eshikni oching, deya ishora qildi. Mubina xonasining eshigini ochib, darrov yerga ko'rpacha tashladi. Ovsinlar qaynonasini amallab, suyab yotqizishdi. — Oyijon, nima bo'ldi? Gulshan momoning ko'z oldi qorong'ulashib, labi quruqshardi. — Suv… Mubina darrov qaynonasiga choy quyib, ichirdi. — Oyog'im toyib yiqildim, yomon tushdim, shekilli, oyog'imni sezmayapman… Ikki ovsin bir-biriga qaradi. — Hozir Sherzod akamni chaqiraman… Mubina erining telefon raqamini tera boshladi. — Voy, ahmoq, nega menga telefon qilyapsan, «Tez yordam» chaqir! — xotinini koyidi Sherzod. — Hozir yetib boraman… Mubina darhol «Tez yordam»ga qo'ng'iroq qildi. Zumda yetib kelgan shifokorlar Gulshan momoni kasalxonaga olib ketdi. — Sherzod, onangizning tos suyagi singan. Yoshini inobatga oladigan bo'lsak, singan joyning bitishi juda qiyin kechadi. Axir onangiz yetmishdan oshib qolgan. Bu yog'iga ehtiyot bo'lasizlar-da endi.. Momoni uyga olib kelishdi. — Endi, ovsinjon, oyijonimizga navbat bilan qaraymiz-da, siz ham, men ham ishli odammiz. Bu yoqda bolalarning tashvishi… Men ham o'zimdan ortmay qolaman, gohida ularning darsi, kir-chiri, — dedi Marg'uba qaynonasining xonasidan chiqarkan. Mubina indamay bosh irg'adi. — Agar istasangiz, o'zim qarayman. Har holda qari odam. Ishdan bo'shab kelaman ertaga. Bu gap Marg'ubaga moydek yoqdi. Ovsini kenja o'g'ilga tushgan, buning ustiga hovli-joy shunga qolsa, qaraydi-da… U hademay bu hovlidan chiqib ketadi. — Oyimga sen ham bir kun qarab tursang bo'lardi, — to'ng'illadi Bekzod. — Mubina og'iroyoq bo'lsa. Marg'ubaning qoshlari chimirildi. — Nega endi, axir butun hovli-joy shularga qoladi, qarasin-da… — Hoy, og'zingga ehtiyot bo'l, sen gapirayotgan odam mening ukam bo'ladi. Yana bir marta og'zingni ochsang… Shu bilan bu mavzu yopildi. Dastlabki kunlari ikkala kelin ham qaynonasiga navbat bilan qaradi. Keyin Marg'ubaning oyog'i asta uzildi. U negadir qaynonasiga qarash ovsinining majburiyati, deb o'ylardi. Bir kuni eshikdan kirib keldi-da, burnini jiyirdi: — Mubinaxon, derazalarni ochib yuboring, xonani shamollatish kerak ekan… Mubina ovsiniga yer ostidan qarab qo'ydi: «Loaqal, oyijonimning oldida aytmasa bo'lardi…» Ammo Marg'uba bu haqda o'ylamasdi, aytdimi, vassalom, u aytgandek bo'lishi kerak. Ovsinining avzoyi o'zgarganini sezgan Marg'uba tars-tars yurdi-da, derazani lang ochdi. Tashqaridagi sovuq havo ichkariga kirdi. Momo tashqariga qaradi. «Hademay bahor keladi. Ishqilib, Allohim sovuq kunlarda jonimni olmay tursin-da. Kichkina nabiram bilan yuz ko'rishsam bo'ldi…» Gulshan momo asta ingrab qo'ydi. Mubina qaynonasiga suv tutdi. — Choy ichaman, deb shu ko'yga tushdim, agar shu falokat bo'lmaganida, ikkiqat holingizda menga qarab yurmasdingiz, bolam… — momoning ko'zlari yoshlandi. — Unday demang, oyijon, axir bu ham bir sinov-da… Mubina onasini yaxshi eslaydi. Onasi ham yotiqlik bo'lib qolgan qaynonasini oq yuvib-oq taragandi. Og'ziga yoqadigan ovqatni berib, rosa duo olgandi. Mubinaning buvisi dunyodan o'tar chog'ida onasini alqab, «Qizlarimdan a'lo qizim» degani yodida… Biroz xayoli qochgan Mubina «Demak, mening qismatimda ham shu bor ekan-da», deb qo'ydi. Qaynonasiga ovqat bergach, choyshabni almashtirib, qayta joyiga yotqizdi. Xuddi shu mahal eshik taqillab, qo'shnilar kirib kelishdi. Qo'shni Hamida xola Gulshan momoning o'rniga ko'z qirini tashlab, asta tomoq qirib, ayollarga ma'noli qarab qo'ydi. Mubina yengil tin oldi. Yaxshiyam, almashtirib qo'ygani. Shu alfozda oradan uch oy o'tdi. Mubinaning ham oy-kuni yaqinlashayotgandi. Endi u qaynonasini ko'tarib-yotqizishda qiynalar, ovsini esa unga ko'mak berish u yoqda tursin, deraza oldida shunchaki hol-ahvol so'rab ketardi. Bir kuni Sherzod derazaning qattiq taqillashidan uyg'onib ketdi. Qarasa, xotini «Voy, belim»lab turibdi. — Mubina, nima bo'ldi senga? — Voy-y, boshlandi, shekilli… * * * Marg'uba erta tongda kirib kelgan erini xushlamaygina kutib oldi. — Ha, kelinning ahvoli yaxshimi? — Ha-a, eson-omon qutulib oldi. Onasiga aytdik. Qarab turadi. Sen bugun ishga borma, oyimga qaraysan, Mubina chiqquncha… Bekzodning gapi og'zida qoldi. — Nega endi, Sherzod qarasin, siz qarang. Sizlar ham o'g'ilsiz axir! — Ie, nimalar deyapsan? Axir ayolga ayol qaraydi-da… — E-e, boring-ey, ana, hamshira yollang, men ishga boraymi, ustalarga qaraymi, sizlarning osh-ovqatingizni qilib beraymi? Nechiga bo'linay?! Chakagi ochilgan xotiniga gapirishning hojati yo'qligini tushungan er indamay qo'lini siltab, onasining oldiga suyunchilashga kirib ketdi. Yana bitta nabirali bo'lganini eshitgan momoning ko'zlarida yosh aylandi va Mubinani ham, nabirasi-yu Sherzodni ham uzoq duo qildi. Oradan bir necha kun o'tdi. Marg'uba qaynonasiga paydar-pay qarar, orada yangi bitayotgan imoratdan ham xabar olib kelardi. Har kuni eriga charchadim, deyaverganidan keyin Bekzod Mubinaning toqatiga qoyil qoldi. «Ikkiqat holida indamay qaradi-ya». — Bo'ldi, ertadan qaramay qo'yaqol, o'zim qarayman… Ertasiga Marg'uba baqira-baqira ishga ketdi. Uyda onasi bilan yolg'iz qolgan Bekzod momoga turli qiziq voqealarni aytib berib o'tirdi. Momo bolalarining sho'xligini eslab, maza qilib kulib, xumordan chiqdi. — Ha, bolam, umr o'tkinchi ekan. Hech kim yo'g'ida senga bir gap aytay: Mubina kelinim menga juda yaxshi qaradi, bundan xabaring bor. Anavi taxmonning orasini qara, kichikroq tuguncha bor. O'shani ol… Bekzod tugunni olib, onasiga tutqazdi. Momo qaltiroq qo'llari bilan tugunni yechdi-da, ichidan ikkita bilakuzuk bilan bitta chog'roq uzuk, yana tilla zirak chiqardi. — Mana buni Mubinaga beraman, — deya bilakuzuklarni yostig'ining tagiga avaylab qo'ydi. — Mana bu uzuk sening xotiningga, zirakni qizingga berasan. Mendan yodgorlik… Taqib, eslab yurishsin… Momoning ko'zlarida yosh aylandi. — Nega unday deysiz, oyi, siz hali ko'p yashaysiz… O'g'il onasining ahvoli tobora og'irlashib borayotganini sezsa-da, bildirmadi. — Ha, bolam-a, shoshib qolmanglar-da, ishqilib… Bekzodning ko'ngli allanechuk bo'ldi. Nahotki ularning yoshligida otasi yo'qligini bildirmay, erta-yu kech daladan beri kelmagan onasi qariganda shu ko'yga tushib, kelinlarning qosh-qovog'iga qarab o'tirsa? «Mubina baraka topsin, o'z onasidan-da a'lo qaradi, ammo Marg'uba… Essizgina, yoshligida onam bekorga «Olib bermayman», deb turib olmagan ekan-da. Mushtipar onamning aqli o'sha paytlardayoq yetgan ekan-da. Mana endi onam qariganda ularga mahtal bo'lib yotibdi»… O'g'lining o'yga tolganini ko'rgan Gulshan momo «Men uxlamoqchiydim», dedi. Bekzod o'rinni pastroqqa tushirib berdi. Shu payt darvozadan bolasini bag'riga bosgancha Mubina ko'rindi. Ortidan Sherzod jilmayib kirib keldi. — Ie, oyi, qarang, sizni ko'rgani kim kelyapti? — Bekzod xursand bo'lganidan chapak chalib yuboray dedi. Momo nigohini tashqariga qadadi. — Mubina, qizim, bo'ylaringizdan aylanay, keling, keling… Koshkiydi, oyoqlarim but bo'lganida, qadamingizga poyondozlar solmasmidim!? Shu kunlarni ko'rsatgan Xudoyimga ming shukr. Qani, bolamning bolasini bering-chi?.. — Ismini Abror qo'ydik, — dedi Sherzod onasiga qarab. — Rahmatli otangning ismini qo'yibsizlar-da, baraka top, bolam, otangning ismi yerda qolib ketmaydigan bo'libdi. Shu kuni allamahalgacha suhbatlashib o'tirishdi. Mubinaga qaynonasi suyunchi qilib, ikkita bilakuzukni qo'llariga taqib qo'ydi. Bundan xijolat bo'layotgan kelinni qaynog'asi yupatdi. — Olavering, kelin, buyursin… Siz bunga loyiqsiz. Bu suhbatni tashqarida eshitib turgan Marg'ubaning avzoyi buzilib, ichkariga shahd bilan kirdi: — Nima, unga ham uy, ham bilakuzukmi? Mening yoshligim shu yerda o'tdi. Erim sizga o'gaymi, oyi? Marg'ubaning dag'dag'asidan derazalar zirillab ketgandek bo'ldi. Mubina qo'llaridagi bilakuzuklarni yechib, nari-beri ovsiniga uzatdi. — Opajon, siz kattasiz, oyijonim menga bergani bilan bularni sizga bermoqchiydim. — Demak, sen shu ilinjda oyimga qaragan ekansan-da… Tobora avj olib borayotgan janjalga Bekzodning dag'dag'ali ovozi nuqta qo'ydi. — Bo'ldi, bas, yetar! Agar hoziroq chakagingni o'chirib, xonadan chiqib ketmasang, mendan o'pkalama! Marg'uba erining jahlini bilgani uchun indamadi. Mubina uzatgan bilakuzuklar havoda muallaq qoldi. Marg'uba qanday shahd bilan kirib kelgan bo'lsa, shunday chiqib ketdi. Momoning rangi dokadek oqarib, qalt-qalt titrardi. Sherzod darrov «Tez yordam»ga sim qoqdi. — Yurakda kichik miokard ro'y bergan, — dedi shifokor momoni tekshirarkan. — Olib ketamiz… Bu gapni eshitgan momoning ko'zlari ochildi: — Yo'q, bolam, hech qaerga ketmayman, umrimning necha kuni bo'lsa ham, shu uyda yashay, meni qiynamanglar… O'sha kundan keyin momoning sog'lig'i yomonlashgandan-yomonlashib boraverdi. Bir kuni eshiq taqillab, ichkariga Marg'uba kirib keldi va qaynonasining yoniga asta cho'kib: — Kechiring, oyi, yoshlik qilibman. Odamning qadri faqat buyumda emas ekan. Men nodonlik qildim. Sizni ranjitdim. Men, aslida, qizim uchun bergan yodgorligingizga ham arzimayman, — dedi. — Hammangiz ham mening bolalarimsiz. Shu vaqtgacha biringizni to'q, biringizni och qo'ymadim, bolam. Axir Mubinaga meni parvarish qilgani uchunmas, kenja kelin bo'lgani, menga bergan mehri uchun bilak-uzuklarni ilingandim, siz noto'g'ri qildingiz. Ammo xatongizni tushunibsiz, bu yaxshilikdan alomat. Ikkita ovsin ahil bo'lsangiz, Alloh barchangizga rizq-nasibani qiymay beraveradi. Bir kun janjal chiqqan joydan qirq kun baraka qochadi… Marg'uba indamay bosh egib o'tiraverdi. Gulshan momo asta o'rniga cho'zildi. Shu tariqa uch kun yotdi. Na ichdi, na yedi… Bir kuni tong saharda uyg'ondi. Qarasa, yonida kelini Mubina murg'ak bolasini bag'riga bosib, uxlab yotibdi. Momo kelinini pichirlab uzoq duo qildi. So'ng Mubinani uyg'otdi. — Nima bo'ldi, oyi, choy ichasizmi? — Yo'q, Bekzod bilan Sherzodni chaqiring, bolam… Apil-tapil ichkarilagan aka-ukalar onasining ko'zlarida allaqanday so'lg'inlikni ko'rib, yuragi ortiga tortib ketdi. Momo ularni ham uzoq duo qilgach, asta o'rniga cho'zildi. — Mendan rozi bo'linglar… — Oyijon, unday demang, bizni qo'rqitmang… Ikkala aka-uka, kelin-u nabiralar bo'zlab qolaverishdi. Tushga yaqin yig'ilgan odamlar momoning tobutini ko'tarib, so'nggi yo'lga olib ketishdi.

  • ..* QIROL LIR
    ..* QIROL LIR
    zo'r asarlariz iltimos do'stlik taklifini qabul qiling fikr almashaylik
    Tuesday 4:04 PM