Duolar albatta ijobat bo'ladi

  • Doktor Ishon Husayniy safarga otlandi. U tibbiyot sohasida ko'rsatgan xizmatlari uchun xalqaro anjumanga taklif etilgan edi. Samolyot osmonga ko'tarildi-yu, ob-havo aynigani bois yo'nalishini o'zgartirib, boshqa shaharga qo'ndi. Keyingi reys o'n olti soatdan so'ng ekan. Bundan xabar topgan doktor qattiq asabiylashdi: «Shuncha vaqt kuta olmayman, kechga qolaman axir!» Aeroport xodimlari ijaraga avtomashina olib, manzilga tezroq yetib borish mumkinligini aytishdi. Janob Husayniy shosha-pisha yo'lga chiqdi, ammo aksiga olib, tez orada jala quya boshladi. Atrofda na bir zot, na boshqa ulov ko'rinadi. Bunday havoda mashina boshqarishning o'zi bo'lmaydi. Doktor yo'l yuzidagi chog'roq bir uy yonida to'xtab, eshikni taqillatgan edi, qulflanmagan ekan. Yomg'irda ivib ketgan musofir mezbondan ijozat ham so'ramay, o'zini ichkariga urdi. Unga keksa ayol peshvoz chiqdi. Doktor onaxonga uzrini aytib, hovliqqan ko'yi vaziyatni tushuntirdi: — Zudlik bilan qo'ng'iroq qilishim lozim, telefoningizni berib tursangiz. Ayol kutilmagan mehmonning ahvolini ko'rib, unga achindi: — Bolam, ichkariga kiring, bir piyola choy ichib, ust-boshingizni quritib oling. Ish qochmas… Doktor bu gaplarga ahamiyat bermay, iltimosini takrorladi: — Telefoningiz bormi, qo'ng'iroq qilib olsam bo'ladimi? — Telefonimiz yo'q-da, bolam, — xijolatomuz javob berdi ayol. Chorasiz qolgan mehmon onaxonning taklifini qabul qildi, ichkariga kirib isindi, egnini quritdi, biroz tamaddi qildi. Shunda qo'shni xonada unsizgina yotgan go'dakka ko'zi tushdi. Tepasiga borib, bolaning xasta ekanini angladi. — Onaxon, bu bolaga nima bo'lgan? — Bu nabiram… ham otasi, ham onasidan ayrilgan. Shaharchamiz shifokorlari kasaliga chora topa olishmadi. Ularning aytishicha, poytaxt tomonlarda Ishon Husayniy degani bor ekan, nabiramni faqat shu odam davolay olarmish. Uni qanday topaman: hayronman? O'zim u yoqlarga borolmasam, birovni jo'natib, chaqirtiray desam, qo'lim kaltalik qiladi… — onaxonning ovozi titrab ketdi. — Kechayu kunduz Parvardigorga iltijo qilib, jigarbandimning dardiga davo topadigan o'sha bandangga ro'para qil, deyman. Xokisor bu ayolning gaplarini tinglarkan, janob Husayniyning bo'g'ziga bir nima tiqildi, ko'zlari yoshlandi. — Onajon, Alloh duolaringizni qabul qilibdi. Sizning iltijolaringiz osmonda chaqmoq chaqtirib, samolyotni yerga qo'ndirdi, jalalar quydirdi va nihoyat, meni eshigingizga keltirdi. Siz izlayotgan doktor Husayniy men bo'laman. Yaratgan bandalarining chin ixlos bilan qilgan duolarini ijobat etishiga, istaklarini ro'yobga chiqarishiga yana bir bor imon keltirdim. Go'dakka shifoni Alloh beradi, men bir sababchiman, xolos.