Илтижо

  • Kuz kelib, atrof oltin rangga burkanadigan fursat. Zarifa maktab ostonasida bu yili o'ninchi sinfni boshlagan, bir chiziqqa ko'rkamgina bo'lib tizilib turgan o'quvchilar safidan o'rin olgan o'g'li Ziyovuddinni ko'rib, hayajonlangan yuragi battar to'lqinlanib, toshib ketdi.

    Ayni dam bundan o'n besh yil avval oilasini tashlab ketgan, tosh qalbida mehrdan asar ham bo'lmagan eri Mehriddinni eslab, ko'ngli o'rtandi. O'shanda Ziyovuddinga homilador bo'lgan paytlari ekanligi, oz bo'lsa-da yashab, ammo hech bir-biriga, aniqrog'i, Mehriddin Zarifaga ko'ngil bermagani guldek oilaning darz ketishiga sabab bo'lgandi. Bayram shovqini ostidagi ovozlar xuddi tirik beva ayolning ich-ichidan hech nimaga qaramay portlab chiqayotgan oxiri yo'q kemtik ohlarga o'xshar, uning beadoq so'roqlari xayolning qaysidir manzillariga borib, javobsiz saroblar bilan uchrashib kelardi.

    Mehriddin ota-onasining arzandasi bo'lgani uchun o'ta injiq, ustiga-ustak tayinli ishi bo'lmay, faqat xotini topganini yeydigan surbetroq erkak edi. Yo'q, Zarifa hammasiga chidadi, yigirma ikki yil ota uyida yashab ko'rmagan azoblarini ikki yil kelin bo'lib tushgan yangi uyida boshdan kechirdi. Eng yomoni, Mehriddin ichkilikka borgan sari ruju qo'ygan, oqibatda tunlari xotinini do'pposlar, bema'ni, bemaqsad harakatlar ko'ngil uyini batamom barbod qilardi. Shunda ham Zarifa tishini-tishiga qo'yib, sabr soyasida yashashni afzal bildi, ammo…

    — Zarifaxon, o'g'lingiz biram ko'rkam yigit bo'libdimi?

    — Ha, shunday.

    — Onasi chiroyli-da, a, to'g'rimi?

    Zarifa indamay kulib, bosh irg'adi.

    — Men ham qizimni shu maktabga olib keldim, endi o'g'lingiz bilan sinfdosh bo'lishdi. Ana qizim — Oynigor.

    Ayol safda Ziyovuddinning yonida turgan bo'yi pastroq, oq ko'zoynak taqib olgan qizni ko'rsatdi.

    — Ular bir-birini tanisharkan, qizim bir haftadan buyon hujjatlarini to'g'irladi. O'g'lingiz qizimga siz haqingizda aytgandi.

    — Shundaymi, xursandman.

    Zarifa hozir bu ayol bilan suhbat qurgisi kelmayotganini bildirib qo'ydi. Orziqib kutilgan qo'ng'iroq chalinib, o'quvchilar sinfxonalariga kirib ketishdi. Zarifa o'zi maktabni bitirganiga necha yil bo'lganini ham aniq eslolmadi. O'sha damlarda uning izidan qancha yigitlar sarson yurishgan. Taqdir ekan, kun kelib «Sendan boshqasiga uylanmayman», deb ostonasida turib olgan, unchalik yaxshi tanimasa-da, obro'li xonadonning yakka o'g'li Mehriddinga kattalar rozilik bildirib yuborishdi-yu, tez orada to'y ham bo'ldi.

    Insonning boshiga hayotning sinovli zarbalari tushaverarkan. Mehriddin bilan majbur ajrashgan Zarifaga kimlar og'iz solmadi. Bir tarafdan ayol erini oz muncha bo'lsa ham yaxshi ko'rardi. Ayol bitta-yu bitta o'g'lining o'gay ota qo'lida katta bo'lmasligini istadi. Tunu kun ro'zg'ori butligi, boshqalardan kam yashamasligi uchun ishladi. Uyga asta qadam bosib kelarkan, ayolning qalbida alam olovlari so'nmagandi.

    — Nega men bilan shunday bo'ldi? Boshqasiga ko'ngil bersam bo'lardi-ku!

    Doimgidek soatlar kunlarga ulanib o'taverdi.

    Zarifa uzzukun devorga osilib turuvchi soatga qaradi. Tungi o'n bir bo'lay deb qolgan. O'g'li sira bunday kech qolmasdi. Bugun sinfdoshlari bilan o'tirishini aytib, chiqib ketgandi. Zarifa xuddi qayta-qayta ko'z qirini tashlasa, bolasi ostonadan kirib keladigandek yana o'sha soatga qaradi. Yodida shu buyumni bundan necha yillar avval nikoh to'yida dugonalari sovg'a qilgandi. Ba'zi buyumlar munosabatlardan ham aziz bo'larkan.

    Eshik qo'ng'irog'i og'ir chalindi. Zarifa shoshgancha eshikni ocharkan, Ziyovuddin ko'zlari qizarib tashqarida turardi.

    — Buncha kech qolding bolam?

    — O'rtoqlarim bilan o'tirdim…

    — Menga qara, sendan tamaki hidi kelyaptimi?

    Bu gapdan qo'rqib ketgan Ziyovuddin onasiga sarosimasini aslo bildirmadi. Yuzini burib, taksida haydovchi amaki chekib kelganini vaj qildi. Zarifaning ko'ngliga ilondek shubha sudralib kirdi.

    — Yaxshi, borib damingni ol, ertaga maktabga borasan.

    Ziyovuddin o'rniga yotarkan, chap cho'ntagidagi gugurtni derazadan uloqtirdi.

    Ona ko'ngli doim farzandi ko'ngli bilan yaqinlashgisi keladi. Ziyovuddin negadir oxirgi paytlar uyda kam bo'lar, Zarifa ham ishdan bo'shab, o'g'liga yetarlicha e'tibor bermasdi. Bu dunyoda eng aziz narsa diydor, ko'ngillar til topishsa, butun hasratlar unutiladi. Zarifa qachonki o'g'li bilan o'zi yaxshi ko'rgan narsalar haqida gaplashib o'tirsa, baxtdan sarmast bo'lardi. Shunday kunlar daraxtlar qish uchun yaproqlarini to'kib yuborgandek umr daftaridan o'chib borayotgandi. Ziyovuddin boshqa o'rtoqlari singari otasi bo'lishini chin qalbdan xohlar, bu xohishning kuchi bora-bora botiniylikni umidsizlikka tushirib qo'ymoqda edi. Endi o'ksik dilini tasallilatish uchun telefon, internet va onasi qattiq qo'rqqan tamaki chekishdan olardi. Bunda Ziyovuddinga o'tkinchi havaslarga berilgan o'rtoqlari turtki bo'lardi.

    Qishloq chekkasidagi ovloq maydonda Ziyovuddinning sinfdoshlari yig'ilishdi. Hammasi qo'liga bittadan sigaret olib tutatishdi va bu uzoq davom etdi. Zarifa shubhali xayollar, jonli xavotir og'ushida o'g'lini kutib turgan payt Ziyovuddin asta ichkariga kirdi.

    — Yana nega buncha kech qolding?

    — Ushlanib qoldim.

    — Yana bir marta shunday kech qolsang, boshqa ko'chaga chiqmaysan! Bor, joyingga yot!

    Ziyovuddin indamay xonasi tomonga o'tayotganida cho'ntagidagi sigaret qutisi yerga tushdi. Zarifaning ko'zlari olayib ketdi. Qo'llari qaltirab, qutini oldi. Qarshisidagi o'g'li bejo ko'zlarini onasining nigohidan olib qochdi-da, xonasi tomon otildi. Zarifa joyida qotib qoldi.

    Yarim tunda qishloqdagi bedor itlarning vovullashi tun zulmati qa'ridan eshitilar, olis charaqlagan yulduzlarda, devordagi muallaq turuvchi eski soat hayot davom etayotganidan darak berardi. Zarifa yuragi siqilib uxlayolmadi. Tashqarida oqshomning salqin havosidan nafas olib, hovli chetidagi pastqam hujraga kirdi. Kichikkina xonada devorga so'zanalar, derazaga eski osma pardalar ilingandi. Ayolning ruhida to'yi kuni chalingan o'sha mayin musiqa jarangladi. So'ng Zarifa taxmondagi ko'rpachalarni olib, katta temir sandiqni ochdi. Uning ichida eski, ammo yangiday saqlangan orzuli kelinning ko'rkam xon atlasi, ipakli harir yopinchiq, shoyi ro'mol, yonida esa kuyovning zar choponi, qiyiqcha, bejirim qalampir gulli do'ppi bor edi. Titragan qo'llar xon atlasni mayin siladi. Ko'zlar yanoqlarni yoshga to'ldirish uchun fursatni poyladi. Zarifa ipakli yopinchiqni kiyib, ro'molini o'radi-da burchakdagi ko'zguga boqib, aksiga termildi. Sandiq yoniga qaytib chopon va qiyiqchani hidladi, do'ppini bag'riga bosib yig'ladi. Bir paytlar jufti halolini tortib olgan hayot ishlariga, barchasiga qodir Xudoga necha yillardan buyon berib kelingan savollar yana berildi: «Nega mening taqdirim shunday?»

    Muzofotli tong otdi. Quyosh atrofga eringannamo, go'yo tungi voqealardan xabar topgandek aybdorona nur socha boshladi. Ziyovuddin uyqusiragan ko'zlarini ishqab hovliga chiqdi, ichidan allaqanday notanish xumor tuta boshladi. Ariqdagi tiniq suvga yuzini yuvarkan, bomdod mahali o'tib ketgan bo'lsa-da, nigohi joynamoz ustida o'tirib tasbeh o'girayotgan onasiga tushdi. Ortidan asta yaqinlashdi. Shu vaqt Zarifa qo'llarini duoga ochib, osmonga qarab iltijo qildi.

    — Xudoyim, Sendan tilab olgan bitta-yu bitta bolam qora illatga ruju qo'yibdi. Ilohim har tamaki chekkanida o'g'limni emas, uning o'rniga mening umrimni qisqartirgin, nuridiydamning tanini sog', aziz umrini uzun qilgin! Omin!

    Zarifa iltijo bilan yuziga fotiha tortdi. Ziyovuddin bu so'zlarni tinglab, butun vujudi titrab ketdi. Ortiq chiday olmay, onasini mahkam quchdi. Ko'zlarida so'roqsiz yosh qalqib, o'pkasini xo'rsiniq bosim bilan to'ldirdi.

    — Onajonim, mehribonim, meni kechiring, endi hech qachon chekmayman! Sizning umringiz uzoq bo'lsin!

    Zarifaning qalbi to'lib ketdi. Qo'llari bilan o'g'lining boshini siladi. Lablari ohista shivirladi:

    — Bolam, sendan boshqa kimim bor mening?!

    Mehrli qalblar tutashdi. Ziyovuddin bu dunyodagi eng qadrli insonini bir umr ardoqlab yashashga qaror qildi.